O‘zbekistonda fintex kompaniyalar soni yetti yilda 4,3 barobar oshdi. Bu ma’lumot Timur Ishmetovning taqdimotida keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ishmetov 10-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etgandi.
Fintex - "финансовые технологии" ya’ni moliyaviy texnologiyalar so‘zining qisqartmasidir.
Taqdimotga ko‘ra, 2018-yilda mamlakatda fintexlar soni 24 ta bo‘lgan. 2025-yilga kelib esa ularning soni 103 taga yetgan.
Ularning 51 tasi Markaziy bank litsenziyasi asosida faoliyat yuritmoqda.
Bunga 2 ta nasiya savdo asosida ishlovchi mikromoliya tashkiloti, 3 ta raqamli bank, 2 ta to‘lov tizimi hamda 44 ta to‘lov tashkiloti kiradi.
Fintex bozori
O‘zbekistonda fintex bozorining 53,8 foizi to‘lov tashkilotlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Keyingi eng yuqori ulush hisobni yuritish sohasida ekan. Bunda soha ulushi 12,5 foizga yetgan.

Manba: Markaziy bank
O‘zbekiston fintex bozorida nasiya savdo ulushi 11,5 foizni, kriptovalyuta ulushi esa 7,7 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda naqdsiz tranzaksiyalar hajmi 673 trln so‘mga teng bo‘lgan.
Ularning 49 foizi terminal orqali, 51 foizi esa mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan.
Taqdimotda keltirilishicha, raqamli to‘lovlar bozori 2 yilda 3 barobar o‘sib, 2024-yilda 346 trln so‘mga yetgan.
Bunda to‘lov tashkilotlarining ulushi 45 foiz bo‘lsa, banklarning ulushi 55 foizni tashkil etgan.
2024-yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi fintex orqali to‘lovlari 6,3 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Bunda mamlakat ulushi 22 foizni tashkil etgan.
Venchur investitsiyalar
2024-yilda O‘zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi 69,5 mln dollarni tashkil etdi. Ularning 58 mln dollari fintex sohasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, venchur investitsiyalar sog‘liqni saqlash sohasida 6,6 mln dollar, sun’iy intellekt sohasida esa 0,7 mln dollarga teng bo‘lgan.
O‘zbekiston venchur investitsiyalar hajmi bo‘yicha qo‘shni Qozog‘istondan biroz ortda qolmoqda.
Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 71 mln dollarni tashkil etgan. Gruziyada bu ko‘rsatkich 21,6 mln dollar bo‘lsa, Rossiyada 92 mln dollarga yetgan.
