Mijoz xohishiga ko‘ra shartnoma bekor qilinganda quruvchi kompaniyalar tomonidan jarima olib qolish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
2025-yilning yanvar-avgust oylarida Raqobat qo‘mitasiga uy-joy xaridi bo‘yicha 1 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ularda asosan uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik hamda shartnoma shartlarini bajarmaslik holatlari qayd etilgan.
Shuningdek, ayrim kompaniyalar shartnoma shartlariga quyidagicha band kiritgani aniqlangan:
Agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkilotlari iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foiz miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega.
Amaldagi qonunga ko‘ra, shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan.
Aynan shu kabi holatdan zarar ko‘rgan 8 nafar iste’molchiga 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ning qaytarilishi ta’minlangan.
Bunday holatlar tez-tez kuzatilayotgani bois, Raqobat qo‘mitasi quruvchi kompaniya taqdim etgan shartnoma shartlarini batafsil o‘rganib chiqishga chaqirdi.
