Mayning firmalari uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif joriy etish rejalashtirilgan.
Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) rahbarining o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi.

Vyacheslav Pak. Foto: O‘zbekiston 24
Uning so'zlariga ko'ra, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan sun’iy intellekt sohasidagi ayrim loyihalar uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyoz va preferensiyalar ajratish belgilangan.
Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlashning ushbu usuli mayning sohasini ham qamrab oladi. Xususan, mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan loyihalar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif belgilash rejalashtirilgan — dedi Vyacheslav Pak.
Ma’lumot uchun, mayning bu Bitcoin kabi raqamli valyutalarni maxsus kompyuterlar yoki uskunalar yordamida hisob-kitoblarni bajarish orqali ishlab topish jarayonini bildiradi.
Bunda uskunalar ko‘p elektr energiyasi talab qilgani sababli ayrim mayning firmalari noqonuniy faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonda ham shunday jinoyatlar uchrab turadi. Xususan, Sirdaryoda mayning firmasi taxminan 35 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
