2025-yilgi Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi. Mukofot miqdori 1,15 mln dollarni tashkil etadi.
Mazkur mukofotning yarmi Joel Mokirga texnologik taraqqiyot orqali barqaror o‘sishning shart-sharoitlarini aniqlagani uchun berildi.
Qolgan yarmi esa ijodiy buzg‘unchilik orqali barqaror o‘sish nazariyasi uchun Filipp Agion va Piter Xauittga berildi.
Joel Mokir haqida
Joel Mokir 1946-yilda Niderlandiyaning Leyden shahrida tug‘ilgan. U AQShning Shimoli-g‘arbiy universiteti professori hisoblanadi.
Mokirning ixtisosligi iqtisodiy tarixchi bo‘lib, iqtisodiy o‘sish, texnologik o‘zgarishlar va sanoat inqilobining iqtisodiy hamda intellektual ildizlarini o‘rganish bo‘yicha dunyoning yetakchi olimlaridan biri sanaladi.
Uning tadqiqotlari iqtisodiyot va tarixni, evolyutsion nazariyani, bilish nazariyasini va madaniyatni bog‘laydigan innovatsion yondashuvi bilan ajralib turadi.
Mokir Niderlandiyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, asosan Isroillik hamda Amerikalik iqtisodchi sifatida tilga olinadi.
Buning sababi, u asosiy oliy ta’limni Isroilda olgan, faoliyatini esa AQShda olib borgan. U 2015-yilda Iqtisodiy tarix bo‘yicha Balzan xalqaro mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
Filipp Aghion va Piter Xauitt haqida
Filipp Aghion 1956-yilda Fransiyaning Parij shahrida tug‘ilgan. U Buyuk Britaniyadagi Iqtisodiyot va siyosatshunoslik maktabi professori hisoblanadi. Filipp asosan zamonaviy iqtisodchi sifatida tanilgan.
Piter Xauitt esa 1946-yilda Kanadada tug‘ilgan. U AQShning Braun universiteti professori hisoblanadi. Piter Xauitt hamda Filipp Aghion Nobel mukofotiga asos bo‘lgan nazariyani 1992-yilda yozgan.
Nazariyaga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish yangi g‘oyalar va innovatsiyalar natijasida yuz beradi. Har bir yangi texnologiya eski texnologiyani siqib chiqaradi. Bu jarayon "ijodiy vayronkorlik" deb ataladi.
Shuningdek, nazariyada innovatsiyalarni yaratish uchun tadbirkorlik, raqobat va bilimga sarmoya kiritish zarurligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti davlatlar o‘rtasidagi farovonlik farqlarini o‘rgangan olimlarga berilgandi.
