Toshkentda qurilayotgan yangi aeroport haqida nimalar ma’lum

15.10.2025 05:39
O'zbekchaРусский
Toshkentda qurilayotgan yangi aeroportning qiymati 1 mlrd dollarga baholanmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik aeroport bo‘lishi aytilmoqda. Yapon korporatsiyasi mazkur loyihaga 200 mln dollar sarmoya kiritmoqchi.
Toshkentda qurilayotgan yangi aeroport haqida nimalar ma’lum

Foto: news.myseldon.com

Toshkentda yangi xalqaro aeroport quriladi. 2025-yilning 1-avgust sanasida Prezident qurilishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning aytishicha, yangi aeroport O‘rta Chirchiq tumanida barpo etilishi rejalashtirilmoqda. 

Kadastr boshqarmasining xabar berishicha, loyiha uchun O‘rta Chirchiq hamda Quyi Chirchiq tumanlaridan jami 1 ming 310 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan. 

Ma’lum qilinishicha, aeroport birinchi bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni qabul qilish va soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Loyiha Markaziy Osiyodagi eng yirik aeroport bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqda Yaponiyaning Nikkei Asia nashri maqola yozdi. Maqolada loyiha qiymati 1 mlrd dollar bo‘lishi qayd etilgan. 

Aeroportni 2030-yilgacha ishga tushirish maqsad qilingan. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, qurilishni 10 yilga kechiktirish mamlakat yalpi ichki mahsulotiga 8,6 mlrd dollar miqdorida zarar yetkazadi. 

Vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev esa mazkur loyiha uchun investor izlanayotganini ma’lum qilgan edi. 

Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi prezidenti loyiha uchun 200 mln dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. 

Mazkur korporatsiyaning O‘zbekistonda boshqa loyihalari ham mavjud bo‘lib, ularning umumiy qiymati 1 mlrd dollarni tashkil etadi. 

Dunyo nashrining yozishicha, yangi aeroport Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. 

Mazkur kompaniya 2023-yili O‘zbekistonda mintaqaviy vakolatxonasini ochgan edi

Ma’lumot uchun, ushbu kompaniyaning energetika, suv ta’minoti, qurilish va transport sohalaridagi aktivlari 50 mlrd dollardan oshadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning avgust oyida Toshkent-Sharqiy aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroport qurilishi nihoyasiga yetdi

Mazkur aeroport biznes aviatsiyasi majmuasi hisoblanib, uning qurilishi 2017-yilda boshlangandi. Aeroportning umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etib, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega.

#yangi_aeroport

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar