2025-yil 27-oktyabr kuni jahon bozorida oltinning bir troy unsiyasi 4 ming dollardan pastga tushdi.
Troy unsiya – bu qimmatbaho metallar vaznini o‘lchashda qo‘llaniladigan xalqaro o‘lchov birlikdir. Bunda 1 troy unsiya 31,1034768 grammga teng.
Kun davomida eng past nuqta 3 ming 970 dollar darajasiga yetdi. Bu 10-oktyabrdan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Oltin narxi nima sababdan tushdi?
Reuters nashrining yozishicha, oltin narxining bunday sezilarli pasayishiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarining yaxshilanayotgani sabab bo‘lgan.
High Ridge Futures kompaniyasining metall savdosi bo‘yicha direktori David Meger oltin narxining tushishini quyidagicha izohladi:
Agar AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo kelishuvi imzolansa, bu xavfsiz aktivlarga, jumladan oltinga bo‘lgan talabni kamaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20-oktyabr kuni oltinning bir troy unsiyasi 4 ming 382 dollarga yetib, mutlaq rekord o‘rnatgan edi.
Reuters nashrining ma’lum qilishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Prezidenti Si Szinpin savdo bitimi bo‘yicha kelishuv loyihasini tayyorlab, 31-oktyabr kuni uchrashib, shartlarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Oltin narxlarining bunday tushishi fonida prognozlar ham pasaydi. Xususan, Capital Economics tahlilchilari 2026-yil oxiri uchun oltin narxi prognozini 1 troy unsiyasi uchun 3 ming 500 dollargacha tushirdi.
O‘zbekistonda
O‘zbekiston Markaziy banki 28-oktyabr kuni uchun oltin quyma narxlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 593 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Taqqoslash uchun, 17-oktyabr kuni bu ko‘rsatkich 1 mln 760 ming so‘mga yetib, mutlaq rekord o‘rnatgandi.
Shunday qilib, narxlar 11 kun ichida 9,5 foizga arzonladi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalarini sotish va sotib olish mumkin.
7-oktyabr kuni 4 ming 756 ta o‘lchovli oltin quymasi sotuvda bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 36 ta qolgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, oktyabr oyida kuniga o‘rtacha 300 ta quyma sotilgan. Natijada, 20 kun ichida butun 2022-yilga qaraganda ko‘proq oltin sotilgan.
