Soliq qo‘mitasi 2025-yilning sentyabr oyida cheklari eng ko‘p Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan TOP-20 ta kompaniya nomini e’lon qildi.

Manba: Soliq qo'mitasi
Ushbu davrda Korzinka tarmog‘i 5 mln 247 ming ta chek bilan yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Bu borada tarmoq yillik hisobda 33 foizga o‘sdi.
Biroq bu supermarketlar orasidagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi emas. Chunki bi1 tarmog‘i yillik hisobda 35 foizga, Olma esa 3,2 barobar o‘sishga erishdi.
Makro‘ning cheklari soni mart oyida keskin kamayib, 2024-yildagi ko‘rsatkichdan ham pastga tushgan edi. Ammo sentyabr oyida yillik hisobda 19 foiz o‘sishni qayd etdi.
Havas (27%) hamda Baraka (25%) tarmoqlarida esa sezilarli o‘sish kuzatilmadi.
Ovqatlanish tarmoqlari
So‘nggi bir yil ichida yirik fast-fud tarmoqlarining cheklar soni bo‘yicha o‘rni o‘zgarmadi.
Biroq cheklar qiymati hamda yillik o‘sish bo‘yicha o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, Evos’ning cheklari 2024-yil sentyabr oyiga nisbatan 5,5 foizga kamaydi.
KFC esa 57 foizga o‘sib, umumiy ovqatlanish sohasida yetakchi soliq to‘lovchiga aylandi.
Evos’da KFC’ga nisbatan cheklar ko‘p bo‘lishiga qaramay, cheklarning qiymati bo‘yicha KFC ustunlik qilmoqda.
Oqtepa Lavashning cheklari esa so‘nggi bir yilda qariyb 3 barobarga ko‘paydi. Hozirda Oqtepa Lavash cheklar soni bo‘yicha Evos’dan 1,7 barobar kamroq ko‘rsatkichga ega.
So‘nggi bir yil ichida Safia tarmog‘ida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, tarmoqdagi cheklar soni 6,6 barobarga, cheklar qiymati esa 5,8 barobarga ko‘paydi.
