O‘zbekistonda kiberjinoyatlar 5 yilda 68 baravarga oshdi

04.11.2025 09:19
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 baravarga ko‘paygdi. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlanib, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trln so‘mdan oshdi.
O‘zbekistonda kiberjinoyatlar 5 yilda 68 baravarga oshdi

Foto: uzgeouniver.uz

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 baravarga ko‘paygan.

Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan.

Jismoniy va yuridik shaxslarga 1,2 trln so‘mdan oshiq moddiy zarar yetkazilgan.

Foto: president.uz

Yig‘ilishda shaxsiy ma’lumotlar, bank kartalari va elektron imzolar bilan bog‘liq firibgarliklar keskin ko‘paygani qayd etildi.

Ba’zi tashkilotlarda ma’lumotlar ochiq bazalarda saqlanayotgani, biometrik identifikatsiya va E-IMZO tizimlarida yetarli xavfsizlik kafolatlari mavjud emasligi tanqid qilindi.

Bank tizimida kiberhujumlar, shubhali operatsiyalarni aniqlash va ularga tezkor javob berish mexanizmlarining sustligi qayd etildi.

Onlayn-mikroqarzlarda firibgarlikni cheklash, shubhali hisobvaraqlarni tunu-kun bloklash tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Kiberjinoyatchilikning yangi turlari — smart qurilmalarga hujumlar va kriptoaktivlarni noqonuniy egallash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligi aytildi.

Prezident Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish, kiberjinoyatlar bo‘yicha yetti turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlashda shifrlash tartibini joriy etish hamda huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, tergov jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va kiberhuquq yo‘nalishida kadrlar tayyorlash vazifasi belgilandi. Bu tizimlar jinoyatlarni erta aniqlash va tergov samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

#kiberjinoyat

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar