O‘zbekiston sentyabr oyida oltin sotgan yagona mamlakat bo‘ldi. Bu ma’lumot Jahon oltin kengashining hisobotida keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, sentyabr oyida markaziy banklar tomonidan jami 39 tonna oltin sotib olingan. Bu yil davomida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ushbu davrda xarid qilingan qimmatbaho metallar miqdori esa 43 tonnani tashkil etdi. Eng yirik xaridor Braziliya Markaziy banki bo‘lib, u 15 tonna oltin sotib oldi.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (8 tonna) hamda Gvatemala (5 tonna) Markaziy banklari joylashdi. Rossiya, Turkiya, Chexiya, Xitoy va Gana ham nisbatan kichik hajmlarda bo‘lsa-da, oltin xarid qildi.
Hisobotga ko‘ra, sentyabr oyida O‘zbekiston 4 tonna oltin sotib, bu oyda yagona oltin sotuvchi davlat bo‘ldi.
Yil davomida esa 21 tonna oltin sotib, dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisi maqomini saqlab qoldi va Singapur hamda Rossiyani ortda qoldirdi.
Joriy yil boshida O‘zbekiston Markaziy banki faol ravishda oltin sotdi. Biroq yoz oylaridan boshlab regulyator o‘z strategiyasini o‘zgartirib, qimmatbaho metallni xarid qilishga o‘tdi.
Oltinning 1 troy unsiyasi narxi 4 ming dollardan oshib ketganidan so‘ng, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 55 mlrd dollarga yetib, barcha davrlar uchun rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston oltin eksportida tarixiy maksimumni yangilab, 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Eksport tarkibida oltinning ulushi 37,1 foizga yetdi.
