Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan soha vakillariga quyidagi imtiyozlar beriladi:
- Davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili eng kam oylik ish haqi miqdorida rag‘batlantiriladi.
- Yangi davolash usullarini joriy etib, ijobiy natijaga erishgan shifokorlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik mukofot to‘lanadi.
- 15 yildan ortiq ish stajiga ega xodimlarning farzandlari uchun oliy ta’lim muassasasi kontrakt to‘lovining 30 foizi (bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha) qoplab beriladi.
- Xalqaro nufuzli jurnallarda maqola chop etish xarajatlari to‘liq moliyalashtiriladi.
- Har yili 15 yillik ish stajiga ega 500 nafar xodimga uy-joy xaridida dastlabki badalning 25 foizini davlat to‘lab beradi.
- Akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot muassasalari xodimlariga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama joriy etiladi.
- Kamida 3 yillik ish stajiga ega xodimlar yiliga bir marta bepul yuqori texnologik tibbiy xizmatdan foydalanadi.
- 15 yildan ortiq ishlagan xodimlarga yilda bir marta sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi.
- Barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori ikki barobar kamaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.
Bunda muassasa faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlarida navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, har yili Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga 100 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
