Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2025-yilning yanvar-sentyabr oylari uchun moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, kombinat mazkur davrda 34,85 trln so‘m daromad olgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 trln so‘mga yoki 28 foizga ko‘proqdir.

Infografika: tanga.uz
Kompaniya daromadining 14,9 trln so‘mi mahsulot tannarxini, 19,9 trln so‘mi esa yalpi foydani tashkil etdi.
Kompaniyaning 9 oylik xarajatlari 6,6 trln so‘mga yetdi. Bunda sotish xarajatlari 58,3 mlrd so‘mni, ma’muriy xarajatlar 340 mlrd so‘mni, boshqa xarajatlar esa 6,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, kombinat ushbu davrda 6,3 trln so‘m soliq to‘ladi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida 3,2 trln so‘m soliq to‘langan.
Natijada, kombinat hisobot davrini 8,3 trln so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 trln so‘mga yoki 35 foizga ko‘proqdir.
Aktiv
Hisobot davrida kompaniya aktivlari 22 foizga oshib, 89,2 trln so‘mga yetdi. Buning 51,7 trln so‘mi kombinat majburiyatlari hisoblanadi.
Majburiyatlarning 32,1 trln so‘mi uzoq muddatli, 19,6 trln so‘mi esa qisqa muddatli majburiyatlardan iborat.
Aktivlarning 37,5 trln so‘mi esa kombinatning xususiy kapitali hisoblanadi. 9 oylik davrda xususiy kapital 8,2 trln so‘mga yoki 28 foizga oshgan.
Kombinat ustav kapitali 2,8 trln so‘mni tashkil etib, hisobot davrida o‘zgarishsiz qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2024-yilda oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallagan.
