Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga 300 mln dollar kredit berishni ma’qulladi. Bu haqda bank o‘zining rasmiy sahifasida e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, mazkur mablag‘ning 100 mln dollari imtiyozli shartlar asosida taqdim etiladi. O‘zbekiston qarz mablag‘larini mikromoliyalashtirish sektorini mustahkamlashga yo‘naltirmoqchi.
Shuningdek, bu mablag‘ kichik va o‘rta bizneslar, ayniqsa ayollar boshqaradigan korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Umuman olganda, ushbu dastur iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va tadbirkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.
Dastur, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, moliya sektorida gender tengligini rag‘batlantirish hamda raqamli moliyaviy nazoratni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995-yilda OTBga a’zo bo‘lgan. Mamlakat shu vaqtdan buyon 14,6 mlrd dollarga teng kreditlar, grantlar va texnik yordam olgan.
