O‘zbekistonning 2024-yilgi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) qayta hisoblab chiqilgach, 121,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi raisi Behzod Hamroyev ma’lum qildi.
Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil yakuni bilan mamlakat YaIMining nominal hajmi 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘mga yoki 5,6 foizga oshgani aniqlandi.
Bu dollar hisobida 115 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollargacha ko‘tarilganini anglatadi.
Shuningdek, qayta hisoblashdan so‘ng, 2024-yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmi 41,3 mln so‘mni tashkil etdi.
Shu yili davlat byudjeti ijrosining to‘liq qamrovi ta’minlanishi natijasida 36,4 trln so‘mlik yangi qo‘shilgan qiymat aniqlandi.
Sanoat sohasida 2024-yil uchun qo‘shilgan qiymat hajmi 12,7 trln so‘mga oshdi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida 5,6 trln so‘m, qurilishda 10,3 trln so‘m va xizmatlar sohasida 16,3 trln so‘m miqdorida yalpi qo‘shilgan qiymat qo‘shimcha hisoblandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakat YaIM hajmi 108,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakunida bu ko‘rsatkich 130 mlrd dollarga yetishini ma’lum qilgandi.
