Samarqand viloyati elektr tarmoqlari Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasiga topshiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi bosqich muzokaralari davomida Aksa Enerji kompaniyasiga xalqaro tenderda g‘olib chiqqanini tasdiqlovchi hujjat topshirilgan.

Foto: Vazirlik matbuot xizmati
Loyiha Samarqand viloyati elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularni konsessiyaga berishni nazarda tutadi. Xabarda uning muddati ko‘rsatilmagan.
Hududiy elektr tarmoqlari matbuot xizmatining gazetaga ma’lum qilishicha, Aksa Enerji tarmoqlarni 30 yilgacha boshqaradi va muddat shartlar bajarilishi asosida uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, agar loyiha Samarqandda samarali bo‘lsa, barcha hududlardagi elektr tarmoqlari bosqichma-bosqich xususiy boshqaruvga o‘tkazilishi ta’kidlangan.
Turkiya OAVlarining xabar berishicha, kompaniya litsenziya muddati davomida elektr energiyasini taqsimlash infratuzilmasiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Rejalashtirilgan investitsiyalar, shuningdek, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, elektr uzilishlarini minimallashtirish va uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.
Aksa Enerji haqida
Aksa Enerji 1960-yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Holding nafaqat energetika, balki qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ham loyihalar ishlab chiqadi.
Shuningdek, Turkiya, Gana, Madagaskar, Mali va Kongoda elektr stansiyalarini qurmoqda.
Kompaniya 2022-yil yanvar oyida Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini, o‘sha yilning 14-yanvarida esa Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan IESni foydalanishga topshirgan.
2023-yil noyabr oyida kompaniya O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan gaz porshenli elektr stansiyasi qurilishiga 250 mln dollar sarmoya kiritishini ma’lum qilgan.
Tarmoq haqida
Viloyat elektr tarmoqlari uzunligi 30,82 ming km ni tashkil etadi. Shundan 16,7 mingi (54%) eskirgan.
Shuningdek, 144 ta podstansiya va 13 172 ta transformator punkti ishlamoqda, shundan 4 512 tasi (45%) eskirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 128 ta (54%) quvvat transformatorini almashtirish talab etiladi.
O‘zbekistonda elektr energiyasi yo‘qotishlari hajmi 9,3% yoki 9,3 mlrd kVt/soatni tashkil qilgan.
Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida elektr tarmoqlari, transformator stansiyalari va podstansiyalarni yangilash, davlat xarajatlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan.
2024-yilning iyul oyida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev har bir hududda taqsimlovchi tarmoqlar belgilangan muddatga konsessiya asosida investorga berilishini ma’lum qilgan.
.jpg)