2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida mikromoliya tashkilotlari tomonidan 8,6 mlrd so‘mlik islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatildi.
Bu ko'rsatkich o'tgan yilning mos davriga nisbatan 14 barobarga oshgan.
Ushbu davrda ko'rsatilgan mazkur xizmatning 3,9 mlrd so‘mi yanvar-iyun oylariga, qolgan qismi esa iyul-sentyabr oylariga to‘g‘ri keladi.
2025-yilning birinchi yarmida mikromoliya tashkilotlari faqat murobaha xizmatini taqdim etgan.
Uchinchi chorakda esa islomiy ijara va muzoraba xizmatlari ham ko‘rsatila boshlandi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirishga oid quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan.
- Murobaha — islomiy moliyalashtirishdagi savdo shartnomasi bo‘lib, bunda moliya tashkiloti mijoz xohlagan tovarni o‘zi sotib olib, unga oldindan kelishilgan ustama qo‘shgan holda muddatli to‘lovga sotadi.
- Islomiy ijara — bu mol-mulkni foydalanish uchun vaqtincha topshirish shartnomasi bo‘lib, mijoz undan foydalanganligi uchun ijara haqi to‘laydi. Ijara muddati tugagach, aktiv mijozga sotilishi yoki qaytarilishi mumkin.
- Salam — oldindan to‘lov asosida tuziladigan shartnoma bo‘lib, bunda moliya tashkiloti kelajakda yetkazib beriladigan mahsulot uchun to‘lovni oldindan amalga oshiradi.
- Mushoraka — sheriklik asosidagi moliyalashtirish turi bo‘lib, bunda ikki yoki undan ortiq tomon loyihaga mablag‘ kiritadi va foyda hamda zararlarni oldindan kelishilgan ulushda taqsimlaydi.
- Muzoraba — foydani taqsimlashga asoslangan moliyaviy hamkorlik bo‘lib, bunda bir tomon mablag‘ beradi, ikkinchi tomon esa o‘z mehnati yoki tajribasini qo‘shadi. Foyda kelishilgan nisbatda taqsimlanadi, zarar esa faqat mablag‘ kiritgan tomon zimmasida bo‘ladi.
Ayni paytda O‘zbekistonda islomiy banklarni joriy etish uchun qonunchilik asosi yaratilmoqda.
Avvalroq, mazkur qonun loyihasi Senatga yuborilgani ma'lum bo'lgandi.
