Toshkentda havo sifati pasayib borayotgani sababli, ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilindi. Prezident bu bo‘yicha tegishli farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, atmosfera havosini chuqur o‘rganish maqsadida maxsus laboratoriya tashkil etiladi.
Mazkur laboratoriya zaruriy uskunalar bilan jihozlanadi, jumladan termo-optik tahlillar o‘tkazish uchun termo-optik analizator xarid qilinadi.
Shuningdek, atmosfera havosi namunalarini yig‘ish uchun 5 ming dona kvars filtr sotib olinishi rejalashtirilgan.
Farmon asosida maishiy havo tozalash uskunalari ham bojxona bojidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2025-yilning yanvar-oktyabr oylarida 18 ming 460 ta havo tozalagich import qilgan.
Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 22 foizga, 2023-yilga nisbatan esa 7 barobar ko‘pdir.
O‘n oy davomida import qilingan ushbu mahsulotning o‘rtacha narxi 70 dollarni, umumiy qiymati esa 1,3 mln dollarni tashkil etgan.
