Markaziy bank 1-noyabr holatiga ko'ra, tijorat banklarining kredit portfeli hamda muammoli kreditlari to‘g‘risidagi ma’lumotni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, banklarning jami kredit portfeli oktyabr oyi davomida 10,6 trln so‘mga o‘sib, 592,9 trln so‘mni tashkil qilgan.

Manba: Markaziy bank
Kredit qo‘yilmalari davlat banklarida 6,9 trln so‘mga, boshqa banklarda esa 3,7 trln so‘mga o‘sgan.
O‘zmilliybank (-42,7 mlrd so‘m), SQB (-193 mlrd so‘m), TBC Bank (-236,7 mlrd so‘m), Tenge Bank (-71,8 mlrd so‘m), Asia Alliance bank (-7,6 mlrd so‘m), Poytaxt Bank (-8,7 mlrd so‘m), Uzum Bank (-6,6 mlrd so‘m), Eron Soderot bank (-7,8 mlrd so‘m) larda kredit qo‘yilmalari qoldig‘i kamaygan.
Boshqa barcha banklarning portfelida esa o‘sish kuzatilgan.
Portfelning nisbatan jadalroq miqdoriy o‘sishi Agrobank (+3,0 trln so‘m), Asakabank (+1,9 trln so‘m), Kapitalbank (796,1 mlrd so‘m) hamda Hamkorbank’da (+699,6 mlrd so‘m) ro‘y bergan.
Muammoli kreditlar (NPL)
Banklardagi muammoli kreditlar miqdori oy davomida 1 trln 112 mlrd so‘mga ko‘payib, 22,3 trln so‘mni tashkil qilmoqda.
Davlat ulushi mavjud banklarda NPL 1,25 trln so‘mga oshgan bo‘lsa, boshqa banklarda muammoli kreditlar 137,8 mlrd so‘mga kamaygan.
Banklar kesimida Kapitalbank (-177,5 mlrd so‘m), Orient Finans bank (-112,6 mlrd so‘m), SQB (-76,2 mlrd so‘m), Davr Bank (-24 mlrd so‘m) muammoli kreditlarni nisbatan kamaytirishga erishgan.
O‘zmilliybank (+866,6 mlrd so‘m), Agrobank (+298 mlrd so‘m), Asakabank (+90,3 mlrd so‘m), TBC Bank (+46,1 mlrd so‘m) larda muammoli kreditlar oy davomida nisbatan sezilarli miqdorda ko‘paygan.
Muammoli kreditlarning jami kredit qo‘yilmalaridagi ulushi oy davomida 0,12 foiz bandga oshib, 3,77 foizga yetgan. Birorta bankda NPL ulushi ikki xonali son emasligini alohida qayd etish mumkin.
