Sun’iy intellekt bo‘yicha 5 mln yosh yetakchi — Prezident soha bo‘yicha kelgusidagi rejalarni e’lon qildi

28.11.2025 12:17
Prezident mamlakatda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish rejalarini ma’lum qildi. Rejaga ko‘ra, Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda superkompyuter klasteri ishga tushiriladi. Shuningdek, har yili sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi o‘tkaziladi.
Sun’iy intellekt bo‘yicha 5 mln yosh yetakchi — Prezident soha bo‘yicha kelgusidagi rejalarni e’lon qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 28-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev byurokratiyani bartaraf etish va sun’iy intellektga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi. 

Unda Prezident mamlakatda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish rejalarini e'lon qildi

Unga ko‘ra, Nvidia kompaniyasi bilan birgalikda superkompyuter klasteri ishga tushiriladi. 

Shuningdek, AQShning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi. 

Bundan tashqari, barcha hududlardagi Kelajak markazlarida sun’iy intellekt bo‘yicha maktab dasturi joriy etiladi. 

Bunda maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishidagi eng yaxshi startap g‘oyalari tanlovi o‘tkaziladi. 

Har bir hududda g‘olib chiqqan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi. 

Shuningdek, har yili sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi o‘tkaziladi. 

Unda 100 nafar iqtidorli yoshlar saralanib, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari va Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga amaliyotga yuboriladi. 

Bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "5 mln sun’iy intellekt yetakchilari" loyihasi boshlanadi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident rejalardan biri sifatida 2030-yilga qadar 4,75 mln o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi o‘qitilishini ta’kidladi. 

Bunda sun’iy intellektning maktab, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim tizimlariga ham joriy etilishi aytildi. 

Bundan tashqari, har yili noyabr oyi "Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi" bo‘lishi belgilandi.

Shu bilan birga, muntazam ravishda "Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi" o‘tkazib borilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

#sun'iy_intellekt#byurokratiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar