2026-yil 1-yanvardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, g‘oliblarni aniqlash mezoni quyidagicha bo‘ladi:
- har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni;
- har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
- har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
- har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
- mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.
Belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga davlat budjetidan 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Mazkur mablag‘lar mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga yo'naltiriladi. Shuningdek, nominatsiya g‘oliblariga yana qo‘shimcha rag‘batlantirishlar beriladi.
Unga ko‘ra, tashabbusli byudjet doirasida ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi 2 ta mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanilmaydi.
Bundan tashqari, loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi davlat budjetidan moliyalashtiriladi.
