O‘zbekiston yuqori daromadli davlatlar safiga qachon qo‘shiladi?

07.12.2025 08:10
O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi o‘rtacha o‘sish sur’ati saqlanib qolsa, 2027-yilda o‘rta-yuqori daromadli mamlakatlar guruhiga kirishi mumkin. Shuningdek, 2037-yilga kelib mamlakat yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkin.
O‘zbekiston yuqori daromadli davlatlar safiga qachon qo‘shiladi?

Foto: Gazeta.uz

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) pandemiyadan keyingi davrda o‘rtacha 14,8 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga YaIM esa 12,4 foizga ko‘paygan. 

Iqtisodchining ta’kidlashicha, agar bu o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, mamlakatning aholi jon boshiga daromadi o‘rta-yuqori davlatlar guruhiga 2027-yilda yetishi mumkin. 

Infografika: tanga.uz

Ma’lumot uchun, Jahon banki o‘rta-yuqori daromadli davlatlarda aholi jon boshiga daromadni 4 496 dollardan 13 935 dollargacha oraliqda belgilagan. 

Shuningdek, past daromadli davlatlar uchun 1 135 dollargacha, o‘rta-quyi daromadli davlatlar uchun 1 136 dan 4 495 dollargacha hamda yuqori daromadli davlatlar uchun esa 13 935 dollardan yuqorini belgilagan. 

O‘zbekistonning 2024-yilda aholi jon boshiga daromad darajasi 3 265 dollarni tashkil etdi. Bu mamlakatning aholi jon boshiga daromadlari hozircha o‘rta-quyi darajada ekanligini ko‘rsatadi. 

Shunday qilib, O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi o‘rtacha o‘sish sur’ati saqlanib qolsa, 2037-yilga kelib mamlakat yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirishi mumkin. 

Mirkomil Xolboyevning yozishicha, pandemiyadan keyingi davrdagi yuqori o‘sish asosan mamlakat uchun nisbatan qulay tashqi shart-sharoitlar fonida yuz bermoqda. 

Xususan, oltin narxi 2021-yil boshidan buyon 3,5 barobarga oshgan. Mamlakat 4 yil oldin yiliga 4 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilning 9 oyidayoq eksport hajmi 10 mlrd dollarga yetgan. 

Shuningdek, mamlakatning yana bir asosiy eksport mahsuloti hisoblangan mis narxi 30 foizdan ziyodroq ko‘tarildi. 

Iqtisodchi, faqatgina oltin narxining pasayishi barcha prognozlarni butunlay teskari tomonga o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ta’kidladi. 

Avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonning yuqori daromadli davlatlar guruhiga 100 yildan keyin kirishini prognoz qilgandi

Biroq mazkur prognoz 2024-yil uchun YaIM qayta hisoblanishidan oldin bo‘lgan hamda mamlakatning so‘nggi 10 yildagi o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi asosida hisoblangan edi.

#Mirkomil_Xolboyev#yaim#prognoz

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar