O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlar ommalashtiriladi. Bu borada Prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, aholi tomonidan amalga oshiriladigan naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish belgilandi.
Shu bois, 2026-yil 1-apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr, gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- avtomobilga elektr yoki yoqilg‘i uchun to‘lovlar;
- qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulkni sotish va sotib olish.
Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O, G toifadagi avtomobillarni sotish va sotib olish ham faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, M toifa — yo‘lovchi tashiydigan transportlar, N toifa — yuk tashiydigan transportlar, O toifa — tirkamalar, G toifa — maxsus yo‘l sharoitlariga mo‘ljallangan transport vositalari hisoblanadi.
