Endilikda ayrim dehqonlarga 100 mln so'mgacha subsidiya ajratiladi

19.02.2025 09:35
Prezident qaroriga ko'ra, endilikda 500 ta mahallaning har birida eng namunali va innovatsion loyiha uchun 37,5 mln so'm miqdorida grantlar ajratiladi. Shuningdek, ayrim mahallalardagi 50% xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Endilikda ayrim dehqonlarga 100 mln so'mgacha subsidiya ajratiladi

14-fevral kuni "Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot telegram kanali xabar berdi.

Mazkur farmon bilan, "Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi" tashkil etildi.

Endilikda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etiladi:

Bular:

  • Har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyiha uchun BHMning 100 baravaridan (37,5 mln so'm) oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
  • Usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kursga BHMning 15 baravarigacha (5 mln 625 ming so'm) miqdorda subsidiya ajratiladi;
  • Muayyan mahalladagi 50% xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
  • Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarga tijorat banklari orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi;
  • Aholi tomorqalari va ijara yerlarida ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5-yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
#subsidiya#dehqonlar

Eng ko'p o'qilgan