Markaziy bank banklardan mijozlarga ofertalarni aniq va shaffof tarzda taqdim etishini talab qildi

12.12.2025 12:23
Markaziy bank tijorat banklariga adolatsiz amaliyotlarni cheklash bo‘yicha talabnoma yubordi. Unda banklarning mobil ilovalaridagi bosh ofertalarni faqat tanlangan xizmat doirasida, aniq va shaffof tarzda taqdim etishlari talab qilindi.
Markaziy bank banklardan mijozlarga ofertalarni aniq va shaffof tarzda taqdim etishini talab qildi

Foto: glavcom.ua

Markaziy bank tijorat banklariga adolatsiz va insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha talabnoma yubordi. Nazorat organi kelib tushgan murojaatlar hamda tijorat banklarining mobil ilovalarini o‘rganish chog‘ida bir qator adolatsiz amaliyotlarni aniqlagan. 

Xususan, banklar mobil ilova orqali ma’lum bir xizmatdan foydalanish uchun mijozga umumiy bosh ofertani tasdiqlashni taklif etganda, bank tomonidan mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar bo‘yicha shartlar yoki shartnomalarni qamrab olishi ma’lum bo‘ldi. 

Regulyatorning ta’kidlashicha, buning natijasida mijoz faqat bitta xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lsa-da, bosh ofertani imzolash orqali o‘zi uchun zarur bo‘lmagan boshqa xizmatlar shartlariga ham umumiy rozilik berishga majbur bo‘lib qolmoqda. 

Shuningdek, regulyator mijozlarning mobil ilovadagi shartnoma bilan batafsil tanishib chiqmasligi yoki shartnomaning mazmun-mohiyatini to‘liq anglamay rozilik berishi mumkinligini qayd etdi. 

Ayrim banklar ushbu e’tiborsizlikdan foydalanib, bir nechta xizmatlari bo‘yicha shartlarni bosh oferta shaklida umumlashtirib taqdim etayotgani ma’lum qilindi. 

Bundan tashqari, kredit kartasi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelganda, ba’zi banklar bunday kartani avtomatik ravishda bloklashi va shundan so‘ng mijoz mazkur kartaga mablag‘ kiritganda undan bank komissiyasi undirilishi holatlari aniqlandi. 

Shu munosabat bilan Markaziy bank barcha tijorat banklaridan ofertalarni faqat tanlangan xizmat doirasida, aniq va ochiq-oydin taqdim etishni hamda ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilmaslikni talab qildi.

#markaziy_bank#talabnoma

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar