Raqobat qo‘mitasi Ajr Qora-Sedana mahsulotini ishlab chiqaruvchi "Sanno TM Ocean" MCHJni jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita o‘zining rasmiy sahifasida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita tekshiruvlar davomida Ajr Qora-Sedana biologik faol qo‘shimchasining ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarga da’vo ekanligi haqida asossiz reklamalar tarqalganini aniqladi.
Xususan, mahsulotning oshqozon kasalliklarini davolashi, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirishi, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi samarali ekanligi ta’kidlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mahsulotning qo‘llash yo‘riqnomasidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama xabarlarida ko‘rsatilgan xususiyatlar bilan mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, biologik faol qo‘shimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror bo‘lmagan paytlarda uning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular davolash xususiyatiga ega emas.
Shuningdek, amaldagi qonunga ko‘ra, fiziologik faol qo‘shimchalar reklamasida ularni dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega mahsulot sifatida talqin qilish taqiqlangan.
Bunday qo‘shimchalar "mahsulot dori vositasi emas" degan ogohlantiruvchi yozuv bilan taqdim etilishi kerak.
Yuqoridagilarga asoslanib, Raqobat qo‘mitasi ushbu mahsulotni ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi.
Shuningdek, qonunbuzarlik holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berganini ma’lum qildi.
