To‘lovlar uchun o‘rnatilgan bankomatdan pul o‘g‘irlashga uringan yigit qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Toshkent shahrining Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan. Bunda noma’lum shaxs tungi soat 2:30 da hududga o‘rnatilgan bankomatni ochib, ichidagi pullarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan.
U tosh bilan temir qutini buzishga erishgan, biroq ichidagi seyfni buza olmagach, voqea joyidan yashiringan.
Yigitning so'zlariga ko'ra, 10 mln so‘m qarz olib, bu pullarni ko‘paytirib, qaytarish va’dasini bergan tanishiga topshirgan.
Tanishi esa bu mablag‘ni treydingda boy bergan. Yigit qarzni to‘lash maqsadida ushbu jinoyatni sodir etganini aytdi.
Tekshiruvlar davomida bankomat ichida 552 mln so‘m pul bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bankomat qutisiga tosh bilan zarar yetkazilishi natijasida 30 mln so‘mlik zarar ko‘rilgan.
Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, yigitga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.
