Uoll-strit afsonasi Toshkent fond birjasidagi deyarli barcha aksiyalarni sotib olganini aytdi

09.01.2026 05:35
Rogers Holdings o‘z investitsiya portfeli tarkibiga O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini kiritdi. Bu haqda xolding rahbari Jim Rojers RBC Investments nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uoll-strit afsonasi Toshkent fond birjasidagi deyarli barcha aksiyalarni sotib olganini aytdi

Foto: Ramil Sitdikov / RIA

Rogers Holdings o‘z investitsiya portfeli tarkibiga O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini kiritdi.

Bu haqda xolding rahbari Jim Rojers RBC Investments nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Birjada savdo qilinayotgan aksiyalarning aksariyatini sotib oldim. Ular ko‘p emas va deyarli barchasini qo‘lga kiritdim — dedi Jim Rojers.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent fond birjasida bank, neft-gaz, telekommunikatsiya va boshqa sohalar kompaniyalari aksiyalari muomalada. 

Rogers aynan birjadagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olganini, biroq mamlakatning suveren qarziga sarmoya kiritmaganini alohida qayd etdi. 

Shuningdek, u o‘zbek so‘miga ishonch bildirib o‘tdi. Investor O‘zbekiston fond bozoriga qiziqishini 2021-yildayoq bildirgan edi. 

2025-yilda u Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etib, fond bozorining rivojlanishi va investorlar ishonchining ortishini ijobiy baholadi.

Investor haqida qisqacha

Jim Rojers 1942-yilda AQShda tug‘ilgan. Mamlakatning nufuzli Yel universitetida birinchi, Oksford universitetida esa ikkinchi bakalavr darajasini qo‘lga kiritgan. 

Dastlabki mehnat faoliyatini AQShning mashhur ko‘chalaridan biri hisoblangan Uoll-strit ko‘chasidagi Dominick investitsiya kompaniyasida boshlagan. 

Rojers investitsiya aksiyalari va obligatsiyalari borasidagi bilimlarini aynan shu yerda mustahkamlagan. 

Keyinchalik, 1973-yilda hamkori George Soros bilan birgalikda Quantum Fund investitsiya kompaniyasiga asos solgan. Ushbu kompaniya ko‘plab yutuqlarga erishgan. 

Rojers 2007-yilda Nyu-Yorkdagi uyini sotib, Singapurga ko‘chib o‘tgan.

Uning aytishicha, bu Osiyo bozorlarida investitsiya salohiyati uchun yangi davr boshlanishi tufayli amalga oshirilgan. Uning Osiyo borasidagi quyidagi fikri juda mashhur:

Agar siz 1807-yilda aqlli bo‘lgan bo‘lsangiz, Londonga ko‘chib o‘tgansiz, agar 1907-yilda aqlli bo‘lgan bo‘lsangiz, Nyu-York shahriga ko‘chib o‘tgansiz va agar 2007-yilda aqlli bo‘lsangiz, Osiyoga ko‘chib o‘tgansiz.

Rojers 2008-yil CNBC telekanaliga bergan intervyusida Xitoydagi odamlar juda g‘ayratli va faol ekanligini hamda qizlari ham shunday muhitda ulg‘ayishini istashini aytgan. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika va Yevropa ilgari aynan shunday bo‘lgan.

#jim_rojers#rogers_holdings

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar