2025-yilda Tashabbusli budjet loyihalari uchun 6,5 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumot berdi.

Mablag‘ning 3,2 trln so‘mi yoki 49 foizi ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, umumta’lim maktablarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazaga 1,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga esa 0,5 trln so‘m ajratildi.
2025-yilda Tashabbusli budjet doirasida jami 3 ming 984 ta mahalla g‘olib bo‘ldi. Ularning 728 tasi birinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Loyihadagi o‘zgarishlar
Tashabbusli budjet doirasida loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab aholi tomonidan loyiha qiymatining 50 foiz qismi moliyalashtirilgan taqdirda, loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb e’tirof etiladi va qolgan qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Bunda, har bir mahallaga bir mavsumda faqat bitta loyihani sherikchilik asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Sherikchilik loyihalari fuqarolar tomonidan loyihani shakllantirish bosqichida maxsus shartlarga rozilik bildirgan holda ilgari suriladi.
Loyiha qiymatining 50 foiziga teng mablag‘ni to‘play olmagan sherikchilik loyihalari an’anaviy ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi.
Budjet tashkilotlari bo‘yicha loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi.
Birgalikda moliyalashtirish amaliyoti doirasida loyihalarni sherikchilik asosida amalga oshirish mutlaqo ixtiyoriy hisoblanadi.
