Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganiga 3 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 16-sanksiya paketini e’lon qildi.
Bunda Yevropa Ittifoqi Rossiya moliya va bank tizimlari uchun muhim hisoblangan Rossiyaning 13 ta mintaqaviy bankini, SWIFT banklararo tizimidan uzib qo‘ydi.
O'zmilliybank'ning Rossiyadagi sho‘ba banki hisoblangan "Asia-Invest Bank" Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari ostida qolishi mumkinligi aytilgandi. Biroq, sanksiyadagi banklar ro'yxatida uning nomi keltirilmagan.
Shuningdek, YI tomonidan "Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi yoki sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan shug‘ullanuvchi" - deya shubhalangan turli davlatlardan jami 53 ta kompaniyaga ham sanksiya qo'llanildi.
Jumladan:
- Rossiyada tashkil etilgan 19 ta tashkilot va uchinchi davlatlardan 34 ta tashkilot;
- Xitoydan 25 ta, Gonkongdan 2 ta tashkilot;
- Hindiston, Qozog‘iston hamda BAAdan 2 tadan tashkilot;
- O‘zbekiston, Turkiya va Singapurdan esa 1 tadan tashkilot kiritildi.
O‘zbekiston kompaniyalari orasida sanksiyaga tushgan kompaniya nomi "Uzstanex" hisoblanadi. Unga qarshi 2024-yilning kuzida AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar joriy qilingan edi.
Foto: stat.uz
Ushbu sanksiyalar ichiga Rossiyada faoliyat yurituvchi 8 ta OAV ham kirgan.
Bular:
- EADaily
- Fonds K
- Lenta.RU
- News Front
- RuBaltic.Ru
- SouthFront
- Strategic Culture Foundation
- Krasnaya Zvezda
Yevropa Ittifoqi ushbu OAVlarga nisbatan qo'llangan sanksiyani "noto‘g‘ri ma’lumot va targ‘ibot tarqatishda tizimli ishtirok etish" - deya baholadi.
