Markaziy bank qaroriga ko‘ra Yangi Bank faoliyati tugatilmoqda. Shu munosabat bilan Omonatlarni kafolatlash agentligi bankdagi omonatlarning qaytarilishi yuzasidan ma’lumot berdi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, jismoniy shaxslar va tadbirkorlarning 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan kafolatlangan.
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari qonunda belgilangan tartib va muddatlarda, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.
Hozirda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun barcha zarur tashkiliy, moliyaviy va texnik tayyorgarlik ishlari boshlangani aytildi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya to‘lovlari uchun yetarli moliyaviy resurslar shakllantirilgan. Kompensatsiya to‘lovlari belgilangan tartibda va kafolatlangan holda amalga oshirilishi ta’minlanadi — deyiladi agentlik xabarida.
Shuningdek, kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar vakolatli davlat organlarining doimiy va qat’iy nazorati ostida olib borilayotgani qayd etildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, tugatilayotgan Yangi Bank’ka 32 526 nafar shaxs omonat qo‘ygan. Shulardan 32 153 nafar omonatchining pullari to‘liq qaytarilishi ma’lum qilindi.
Markaziy bank qolgan 373 nafar omonatchi mablag‘lari esa tugatish komissiyasi qarori asosida, qonunda belgilangan tartibda qaytarilishini bildirdi.
Batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998-555-500-500 ishonch telefoni orqali olish mumkin.
