2024-yilda Uzum kompaniyasining sof foydasi 150 mln dollarga yetdi. Bu 2023-yilga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘proqdir.
Foto: Uzum
Kompaniya 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkichni 300 mln dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
2024-yilda muddatli to‘lovlar va mikroqarzlarning umumiy hajmi 421 mln dollarni tashkil etdi. Bu 2023-yilga nisbatan 180 foiz ko‘proqdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliyalashda onlayn kreditlarning ulushi birinchi marta 50 foizdan oshdi.
Bunda 2024-yil O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlari tomonidan 14,4 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan va ularning yarmi Uzum xizmatlari orqali taqdim etilgan.
Shuningdek, 2024-yilda Uzumdan foydalanuvchilar soni 61 foizga o‘sib, 16 mln kishiga yetdi. Marketpleysda buyurtmalar soni yildan-yilga ikki barobar ko‘payib, 19 mlnga yetdi.
Shu bilan birga, barcha buyurtmalarning qariyb 60 foizi viloyatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirda O‘zbekiston bo‘ylab Uzum marketning olib ketish punktlari soni qariyb 1 mingtani tashkil qiladi.
Uzum Marketda 14 ming nafar o‘zbekistonlik tadbirkor o‘z mahsulotlarini sotmoqda. Uzum Tezkor xizmatiga buyurtmalar soni yillik taqqoslashda 6 barobardan ko‘proq oshdi.
Avvalroq, Uzum bank boshqaruv raisi Aleksandr Filippovich lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandik.