Toshkent fond birjasida O‘zsanoatqurilishbank va Ipoteka-bank oddiy aksiyalari bilan bog‘liq savdolar vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda birjaning matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 6-yanvardan 19-yanvargacha bo‘lgan 10 ish kuni davomida ularning oddiy aksiyalari narxi birjada 132,28 foizga ko‘tarilgan.
Mazkur holatni har tomonlama o‘rganish va narxlarning keskin o‘sish sabablarini tahlil qilish maqsadida ularning aksiyalari bilan bog‘liq savdolar 2026-yil 21-yanvardan to‘xtatildi.
Birja ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilib borishini ma’lum qildi.
Kap Depo ma’lumotlariga ko‘ra, 16-yanvar holatiga Ipoteka-bank’ning bozor kapitallashuvi 828 mln dollarni, O‘zsanoatqurilishbank’niki esa 549 mln dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Hamkorbank va Ipak Yuli Bankining bozor kapitallashuvi sezilarli darajada oshib, mos ravishda 618 mln va 675 mln dollarga yetgan.
