Endilikda uy-joy quruvchilarning onlayn reytingi yuritiladi

26.02.2025 09:43
Endilikda uy-joy quruvchilarning ishonchliligi bo‘yicha onlayn reyting joriy etiladi. Qurilish vazirligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan tizim, 2025-yilning 1-iyuliga qadar sinovdan o‘tkaziladi.
Endilikda uy-joy quruvchilarning onlayn reytingi yuritiladi

O‘zbekistonda uy-joy quruvchilarning ishonchliligi bo‘yicha onlayn reyting joriy etiladi. Qurilish vazirligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan tizim joriy yilning 1-iyuliga qadar sinovdan o‘tkaziladi

Reytingda qurilish sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi, soliq intizomi, kredit to‘lovlari va iste’molchilarning fikrlari inobatga olinadi.

Bundan tashqari, ko‘p xonadonli uy-joylarni foydalanishga qabul qilish jarayoni soddalashtiriladi. 2025-yil 1-maydan boshlab barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” tizimida onlayn amalga oshiriladi. 

Qurilishi tugallangan uylar endi faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi inspeksiyasi hamda davlat yong‘in nazorati organlarining xulosasi bilan foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, loyihalash bosqichida sanitariya, ekologiya va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan kelishish majburiy bo‘ladi. 

Inspeksiya esa qurilish-montaj ishlarining loyiha hujjatlariga mosligini nazorat qiladi. Shu bilan birga, ilgari talab etilgan instrumental-texnik tekshiruv o‘rniga zilzilabardoshlik bo‘yicha laboratoriya xulosasi yetarli bo‘ladi.

Kelgusi to‘rt oy ichida yer uchastkasini sotishdan boshlab foydalanishga ruxsat berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi raqamli platforma test rejimida ishga tushiriladi.

#reyting#shaffof qurilish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar