26-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining sotish narxi 2 mln 7 ming so‘mni tashkil etmoqda.
E’tiborli jihati, oltin quyma narxlari ketma-ket to‘rtinchi kun rekord o‘rnatmoqda.
Qaytarib sotib olish narxi esa quyma qadog‘i butun bo‘lganda sotish narxidan 5 foizga pastroq. 22-yanvar kuni bu ko‘rsatkich 4 foiz edi.

26.01.2026 / Manba: Markaziy bank
Taqqoslash uchun, narxlar 20 kunda 13,3 foizga, o‘tgan yilning ayni shu kuniga nisbatan esa 68,5 foizga oshgan.
Oltin quymalar haqida ma’lumot
O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yilning 2-noyabr sanasida 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.
2025-yilning 16-yanvar sanasida esa bular qatoriga 100 grammlik oltin quymasi ham qo‘shildi.
Quymalar 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan bo‘lib, ular maxsus himoya qadoqlarida sotuvga taqdim etiladi.
Mazkur qadoq sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.

Manba: Markaziy bank
Oltin quyma hamda uning qadog‘i bir xil seriya raqamiga ega bo‘lib, qadoqda uch turdagi himoya elementi mavjud. Bunda quymaning qadog‘iga e’tiborli bo‘lish tavsiya etiladi.
Sababi qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarini qaytarib sotib olish ularni texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, qadog‘i butun holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Sotib olish jarayoni
Oltin quymalarini ikki usulda, ya’ni onlayn hamda oflayn usulda sotib olish mumkin. Dastlab oflayn sotib olish jarayonini ko‘rib chiqamiz.
Oltin quymalar ayrim tijorat banklari orqali sotiladi. Ushbu havolada oltin oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi banklar va ularning filiallarining ro‘yxati keltirilgan.
Lekin ularda doim ham oltin bo‘lmasligi mumkin. Yoki ma’lum og‘irlikdagi quyma qolmagan bo‘lishi mumkin.
Shu sababli ushbu havoladagi shoxobchalardagi qoldiqni ko‘rib chiqib, keyin bankka borish tavsiya etiladi.
Banklardagi oltin quyma narxi Markaziy bank e’lon qilgan narx bilan bir xil bo‘ladi. Biroq bu narx faqat quymani sotib olishga tegishlidir.
Bankka sotishda esa bank foydasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda narx biroz pastroq bo‘ladi.
Onlayn sotib olish
SQB Mobile ilovasi orqali oltin quymalarini onlayn sotib olish hamda sotish mumkin. Bu bir qancha qulayliklar yaratadi.
Masalan, oflayn xaridda oltin quymalari 5 grammdan boshlanadi. Onlayn xaridda esa 1 grammdan boshlab xarid qilish mumkin.
Lekin unda narxlar biroz pastroq bo‘ladi. Masalan, bugun, 26-yanvar kuni uchun 1 gramm oltin quymasining narxi ilovada 2 mln 7 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Ularning sotib olish narxi esa 1 mln 904 ming so‘m ekan. Ilovaning qulayligi oltinni istalgan vaqtda sotish hamda sotib olish imkonini beradi.
