Yangi Bank sotilishi ham muhokama qilingan, ammo investor topilmagan — Ishmetov

28.01.2026 12:19
Yangi Bank tugatilishi arafasida uni sotish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Ammo bankni sotib olishga tayyot investor topilmagan. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Yangi Bank sotilishi ham muhokama qilingan, ammo investor topilmagan — Ishmetov

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Yangi Bank tugatilishi arafasida uni sotish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Ammo bankni sotib olishga tayyor investor topilmagan. 

Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi

Biz uchun har qanday bankni yopish juda og‘ir qaror hisoblanadi. Markaziy bank imkon qadar banklarni yopmasdan, ularni sog‘lomlashtirish va faoliyatini davom ettirish tarafdori bo‘lib kelgan. Chunki bank yopilishi butun bank tizimiga nisbatan salbiy munosabatni keltirib chiqarishi mumkin — dedi rais.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yangi Bank holatida ham dastlab yopish emas, balki kapitalni ko‘paytirish orqali faoliyatni saqlab qolish yo‘li tanlangan. 

Qonun doirasida bankka qo‘shimcha muddat berilgan, aksiyadorlar esa kapitalni boshqa korxonalardan olinadigan dividendlar hisobiga to‘ldirishni va’da qilishgan. 

Shu bois bankka 2025-yilning birinchi va ikkinchi choraklarida ishlash imkoniyati berilgan. 

Biroq belgilangan muddatda kapitalizatsiya amalga oshmagan. Aksincha, bankning moliyaviy ahvoli yomonlashib borgani ta’kidlandi. 

Shuningdek, bankni boshqa investorlarga sotish bo‘yicha norasmiy muzokaralar olib borilgan, ammo haqiqiy xaridor topilmagani aytildi. 

Markaziy bank rahbarining aytishicha, qaror aynan hozir qabul qilingani bejiz emas. 

Hozircha bankning aktivlari majburiyatlarni qoplash uchun yetarli, aktivlarning bir qismi likvid bo‘lib, ularni sotish imkoniyati mavjud. 

Agar jarayon cho‘zilganida, kelajakda omonatchilar va kreditorlar oldidagi majburiyatlarni to‘liq bajarish xavf ostida qolishi mumkinligi aytildi. 

Shu sababli, aksiyadorlar kapitalni oshira olmagani va investor topilmagani inobatga olinib, bankni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilindi.

#yangi_bank#markaziy_bank#Timur_Ishmetov

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar