Hofiz Shaxidiy Alif Uzbekistan kompaniyasining Kuzatuv kengashi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda kompaniyaning LinkedIn sahifasida ma’lum qilindi.
Hofiz Shaxidiy haqida
Hofiz Shaxidiy Tojikistonlik yirik tadbirkor, venchur sarmoyador, shuningdek, Buyuk Britaniyada ko‘p yillik tajribaga ega moliyachi hisoblanadi.
Internet manbalariga ko‘ra, u Dubaydagi GTL group logistika kompaniyasi hamda Jefferson Group investitsiya bankining asoschisi sanaladi.
Tojikistonning Asia Plus nashriga ko'ra, Shaxidiy 2019-yil noyabr oyida Alif ekotizimining 25 foizini sotib olgan.
Keyinchalik, aniqrog‘i 2020-yildan boshlab, ekotizim tarkibidagi Alif Bank Kuzatuv kengashiga rais etib tayinlangan.
Hofiz Shaxidiy dastlabki mehnat faoliyatini Londonning bank sohasida boshlagan. Shuningdek, u Buyuk Britaniyaning bir qator moliya muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2008-yilda ko‘chmas mulkdan tortib birjadan tashqari operatsiyalargacha bo‘lgan turli xil aktivlarga e’tibor qaratuvchi xususiy investitsiya portfelini shakllantirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentyabr oyida Alif investitsiyalarni jalb etib, kichik va o‘rta biznes uchun O‘zbekistonda bank ochish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
