UPay daromadi bir yil ichida 55 barobarga kamayib ketdi

11.02.2026 13:18
UPay to‘lov tashkiloti 2025-yilning birinchi to‘qqiz oyida 9,5 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Tashkilotning zarar miqdori 2024-yilning mos davriga nisbatan 4,8 mlrd so‘mga ortgan. Shuningdek, kompaniyaning daromad ko‘rsatkichida ham sezilarli pasayish kuzatilgan.
UPay daromadi bir yil ichida 55 barobarga kamayib ketdi

Foto: UPay

UPay to‘lov tashkiloti 2025-yilning birinchi to‘qqiz oyida 9,5 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lumot berilgan

Tashkilotning zarar miqdori 2024-yilning mos davriga nisbatan 4,8 mlrd so‘mga ortgan. 

Shuningdek, kompaniyaning daromad ko‘rsatkichida ham sezilarli pasayish kuzatilgan. 

Xususan, kompaniya 2024-yilning birinchi to‘qqiz oyida 96,6 mlrd so‘m daromad olgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,75 mlrd so‘mni tashkil etgan. 

Bu kompaniyaning daromad ko‘rsatkichi bir yil ichida 55 barobarga kamayganini anglatadi. 

Kompaniya aktivlari esa 9,4 mlrd so‘mga kamayib, hisobot davri uchun 86,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Mazkur pasayish kompaniya majburiyatlarining 68,2 mlrd so‘mdan 55,4 mlrd so‘mgacha qisqargani bilan izohlanadi. 

Hisobot davrida kompaniyaning xususiy kapitali 4,2 mlrd so‘mga ko‘payib, 31,4 mlrd so‘mga yetdi. 

Kompaniya hisobotida ustav kapitali 9 mlrd so‘mga oshib, 20 mlrd so‘mga yetgani ko‘rsatilgan. 

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida esa bu ko‘rsatkich 11 mlrd so‘mni tashkil etishi qayd etilgan.

Manba: stat.uz

Kompaniya haqida

UPay 2018-yilda tashkil topgan bo‘lib, 2022-yilda Humans fintex ekotizimi tomonidan to‘liq sotib olingan. 

2024-yil oktyabr oyida Markaziy bank "Maroqand" AJning litsenziyasini 6 oy muddatga to‘xtatib qo‘ygan edi. 

Bunga kompaniya orqali qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar qabul qilingani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Belgilangan cheklov muddati 2025-yil aprel oyida bekor qilindi. 

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi "Maroqand" aksiyadorlik jamiyatini to‘lovga qobiliyatsiz, ya’ni bankrot deb e’lon qildi

Sudning tegishli hal qiluv qarori 2026-yil 2-fevral kuni qabul qilindi. Hozirda kompaniyani tugatish bo‘yicha jarayon boshlandi.

#upay#sof_foyda#maroqand#bankrot

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar