Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi "Maroqand" aksiyadorlik jamiyatini to‘lovga qobiliyatsiz, ya’ni bankrot deb e’lon qildi.
Sudning tegishli hal qiluv qarori 2026-yil 2-fevral kuni qabul qilindi. Hozirda kompaniyani tugatish bo‘yicha jarayon boshlandi.
Maroqand kompaniyasi UPay to‘lov tashkilotining egasi hisoblanadi. UPay esa to‘lov ilovasi bo‘lib, to‘lovlar hamda pul o‘tkazmalari kabi xizmatlarni taqdim etadi.
4-fevral holatiga ko‘ra, UPay to‘lov tashkilotining ustav kapitali 11 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Qonunchilikka binoan, 2025-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda to‘lov tashkilotlarining minimal ustav kapitali 20 mlrd so‘m bo‘lishi kerak.
Bu esa kompaniya yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida o‘z ustav kapitalini belgilangan talab darajasiga yetkazmaganini ko‘rsatadi.
Kompaniya haqida
UPay 2018-yilda tashkil topgan bo‘lib, 2022-yilda Humans fintex ekotizimi tomonidan to‘liq sotib olingan.
2024-yil oktyabr oyida Markaziy bank "Maroqand" AJning litsenziyasini 6 oy muddatga to‘xtatib qo‘ygan edi.
Bunga kompaniya orqali qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar qabul qilingani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Belgilangan cheklov muddati 2025-yil aprel oyida bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil may oyida Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga murojaat etdi.
Bir necha oydan so‘ng, 2025-yil oktyabr oyida “Humans” MChJ bankrot deb topildi.
Shundan keyin, dekabr oyida o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ularning roziligisiz pul mablag‘lari yechib olingani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlari hozirda Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilmoqda. Fuqarolardan yuzaga kelgan vaziyatlar bo‘yicha tegishli tartibda murojaat qilishlari so‘raldi.
