14-oktyabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans kompaniyasini bankrot deb e’lon qildi. Kompaniyaning faoliyatini to‘xtatmasdan tugatish jarayonini boshlash belgilandi.
Mazkur qaror Octobank arizasiga asosan qabul qilindi. Sud qarori bilan Abrorjon Madraximov Humans kompaniyasining tugatish boshqaruvchisi etib tayinlandi.
Unga 2026-yilning 10-iyul sanasiga qadar tugatishga doir natijalar bo‘yicha yakuniy hisobotni topshirish vazifasi yuklandi.
Kompaniyalar o'rtasidagi ziddiyat
2020-yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan Humans va Octobank o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yil iyun oyiga kelib keskinlashdi.
Dastlab Octobank Humans moliyaviy xizmatini o‘z tizimidan uzib qo‘ydi va 2025-yil 13-iyundan boshlab Humans Visa kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi.
Shundan so‘ng bank Humans kompaniyasidan 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik va yetkazilgan zararni undirish talabi bilan sudga murojaat qildi.
Octobank talqiniga ko‘ra, Humans kliring operatsiyalari bo‘yicha bank vaqtincha qoplab bergan pul mablag‘larini qaytarishni kechiktirgan va shartnoma bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan mukofotlarni ham o‘z vaqtida to‘lamagan.
Humans esa bunga javoban bankning o‘zi shartnoma majburiyatlarini ko‘p bor buzganini ta’kidlab, unga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi.
Kompaniya talqiniga ko‘ra, Humans Visa kartalaridan tushgan murojaatlar Octobank tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan, yuzlab qoidabuzarlik holatlari esa juda katta kechikishlar bilan ko‘rib chiqilgan.
13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank foydasiga 430 mlrd so‘mga yaqin qarzni undirish to'g'risida qaror chiqardi.
Qaror kuchga kirganidan uch oy o‘tib, Humans bank oldidagi qarzni to‘lamagani ma’lum bo‘ldi. Aynan shu sababdan Octobank yana sudga murojaat qilib, kompaniyani bankrot deb e’lon qilishni so‘radi.
Sudning huquqiy bahosi
Sud qarorida majburiyatlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran uch oy mobaynida bajarilmasligi vaqtinchalik to‘lovga qobiliyatsizlik alomati ekanligi ta’kidlangan.
Shuningdek, majburiyatlarning belgilangan hisobot sanasidagi holatga ko‘ra qarzdor aktivlari qiymatidan oshib ketishi esa doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik alomati hisoblanishi bildirilgan.
Ish hujjatlarida qayd etilishicha, Humans kompaniyasi uch oydan ortiq vaqt davomida o‘z majburiyatlarini bajarmagan, ilgari chiqarilgan sud qarori va berilgan ijro varaqasi ham ijro etilmagan.
Shu asosda sud to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjudligi to‘g‘risida xulosaga kelgan. Yakunda yuqoridagilarni inobatga olib Humans kompaniyasini bankrot deb e’lon qildi.
