"Octobank" AJ matbuot xizmati "Humans" MCHJ bilan o‘zaro hisob-kitoblar (kliring) va Humans moliyaviy servisida chiqarilgan kartalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni to‘xtatishini e’lon qildi. Xizmatlar 2025-yil 13-iyundan boshlab, soat 18:00 dan to‘liq bekor qilinadi.
Bankning rasmiy bayonotiga ko‘ra, bunday qaror Humans tomonidan shartnoma shartlarini muntazam buzilishi va majburiyatlar bajarilmayotgani tufayli qabul qilingan. Tomonlar 2020-yildan buyon moliyaviy xizmatlar bo‘yicha hamkorlik qilib kelayotgan edi.
Octobank o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan bo‘lsa-da, Humans kliring operatsiyalari bo‘yicha qarzdorlikni qoplamagan va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya to‘lovlarini amalga oshirmagani ta'kidlanmoqda.
Shuningdek, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Octobank tomonidan "Humans" MCHJga nisbatan jami 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik va zararlarni undirish bo‘yicha da’vo ishi ko‘rib chiqilmoqda.
Octobank'ning qayd etishicha, Humans bilan hamkorlikni bekor qilish O‘zbekiston qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilgan holda amalga oshirilmoqda.
Bank qo‘shimcha ravishda, mijozlarning amaldagi Humans kobrend kartalaridagi mablag‘lari Humans moliyaviy servisidagi abonentlarning shaxsiy hisob raqamlariga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Mablag‘larni qaytarish zarurati tug‘ilganda esa bevosita Humans kompaniyasiga murojaat qilish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Humans kompaniyasi mamlakat bo‘ylab Humans Visa kartalari vaqtincha ishlamayotganini ma’lum qilgan va bunga Octobankni aybdor deb ko‘rsatgan edi. Biroq, keyinchalik bu xabar kompaniya saytida o‘chirib tashlangan. Octobank bunga javoban, Humans kartalarida shubhali tranzaksiyalar aniqlangani sababli operatsiyalarni vaqtincha cheklashga majbur bo‘lganini bildirgandi.
Avvalroq, Humans kompaniyasining ta'sischisi - Singapurning "Humans Mobile" kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajda da’vo kiritgandi. Kompaniya hukumat idoralari, jumladan, Markaziy bank va O‘zbektelekomni o‘z huquqlarini buzishda ayblamoqda. O‘zbektelekom esa o‘z navbatida Humans kompaniyasini mobil aloqa tarmog‘idan foydalangan holda daromad olayotganini, o'z infrastrukturasini qurishga investitsiya qilmayotganini hamda o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarmayotganini ma’lum qilgandi.