O‘zbektelekom Humans da’volariga munosabat bildirdi

05.06.2025 08:25
O‘zbektelekom Humans da’volari yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Davlat kompaniyasining ta’kidlashicha, qonunchilik boshqa mobil operatorlarning infratuzilmasidan foydalanishni taqiqlamaydi. Humans uzoq vaqt davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun katta miqdordagi qarzni to‘lamay kelgan.
O‘zbektelekom Humans da’volariga munosabat bildirdi

Avvalroq, Humans Mobile Ltd kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshlagandi

30-maydagi tegishli da’vo arizasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) bazasida ro‘yxatga olingan va ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilingandi.

Arbitraj muhokamasida kompaniya O‘zbekiston Markaziy banki va O‘zbektelekom kompaniyasining xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilayotgandi. 

Humans'ning da'volariga O‘zbektelekom munosabat bildirdi. Munosabatda quyidagilar bayon qilingan: 

"Humans" MCHJning virtual operatori O‘zbektelekom’ning mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsa-da, uning xarajatlarini to‘lashni kechiktirmoqda. 

Ayrim OAVlar tomonidan Humans ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirmoqchiligi haqida ma’lumotlar tarqaldi. 

Avvalroq Humans’ning o‘zi O‘zbektelekom’ning qarzlarni to‘lash, aks holda tarmoqdan uzib qo‘yilishi haqidagi ogohlantirishidan so‘ng, Raqobat qo‘mitasiga shikoyat arizasi kiritgani ham OAV orqali tarqalgan edi.

O‘zi aslida nima bo‘lgan?

Birinchidan, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli o‘laroq, o‘z tarmog‘ini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. 

Shu sababli, u 2020-yildan buyon shartnoma asosida O‘zbektelekom’ning mobil tarmog‘idan foydalanib, mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. 

Ikkinchidan, ba’zi OAVlarda O‘zbektelekom tomonidan Humans operatoriga nisbatan "bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotganligi" to‘g‘risida noxolis axborotlar tarqalmoqda. 

Aslida esa, Humans o‘z infratuzilmasiga ega O‘zbektelekom’dan tashqari Ucell, Beeline, Mobi.uz kabi boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. 

Qonunchilikda faqat O‘zbektelekom bilan mobil infratuzilmadan foydalanish kerak, deb hech qayerda belgilanmagan. 

Uchinchidan, O‘zbektelekom O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga yanada qulay qilish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirmoqda. 

Natijada, Xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017-2024-yillarda 40 barobarga arzonlashtirildi. 

To‘rtinchidan, Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, ya’ni ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan. 

O‘zbektelekom faqat iste’molchilar huquqi buzilmasin, ular Humans bo‘ladimi, boshqa operatormi, iste’molchi to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin deb o‘z xizmatini davom ettirgan. 

Shu munosabat bilan O‘zbektelekom mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga da’vo arizasi kiritishga majbur bo‘ldi. 

Mazkur da’vo bo‘yicha joriy yilning 8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi O‘zbektelekom tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan Humans kompaniyasiga nisbatan sud qarori chiqardi. 

Agar kelgusida jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalg‘ituvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilsa, O‘zbektelekom o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. 

O‘zbektelekom ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. 

Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga tayyordir.

#humans#Humans Mobile Ltd#uztelecom#o'zbektelecom

Eng ko'p o'qilgan