2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonga 150,7 mln dollar qiymatidagi neft va neft mahsulotlari import qilindi.

Manba: Bojxona qo'mitasi
Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, bu oyda mamlakatga rekord darajada, aniqrog‘i 76,7 mln dollarlik benzin import qilingan.
Bu import qilingan jami neft mahsulotlari qiymatining 51 foizini tashkil etadi.
Bunda benzin importi o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 32,3 mln dollarga ko‘paygan. Uning hajmi ham mos ravishda 47,6 ming tonnaga oshdi.
Keyingi eng ko‘p import qilingan neft mahsuloti dizel yoqilg‘isi bo‘ldi. Yanvar oyida 33,5 mln dollarlik, 40 ming tonnadan ortiq dizel import qilingan.
Import qilingan dizel qiymati o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan qariyb 2 barobarga oshdi. Mazut importida esa keskin pasayish kuzatildi.
Jumladan, 2025-yilning yanvar oyida 13,3 mln dollarlik mazut import qilingan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 500 ming dollargacha tushdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-dekabrdan boshlab mazut va shunga o‘xshash yuqori darajada ifloslantiruvchi yoqilg‘i turlaridan foydalanish to‘xtatilgan.
