24-fevral kuni Uzum Bank Kuzatuv kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bank faoliyatining alohida yo‘nalishlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida boshqaruv raisi o‘rinbosarlari sonini ko‘paytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shunga muvofiq, Vasiliy Zobov Yuridik xizmatlar departamenti direktori lavozimidan ozod etilib, bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Shuningdek, Amirxon Xodjayev Muvofiqlikni nazorat qilish departamenti direktori lavozimidan olinib, u ham bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘ldi.
Shu tariqa, bank boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari soni to‘rttaga yetdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, har ikkala tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach rasman kuchga kiradi. Ularning vakolat muddati uch yil etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Uzum Bank Kuzatuv kengashi bankning ustav kapitalini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.
