2-mart kuni Barselona shahrida o‘tkazilgan tadbirda VEON Group (Beeline) bosh direktori Kaan Terzio‘g‘li kompaniyaning sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2025-yilda SpaceX bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan.
Kelishuvga ko'ra, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti mobil operator tarmog‘iga integratsiya qilinadi va zarurat tug‘ilganda aloqa infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha, avvalo, chekka hududlar hamda infratuzilmasi shikastlangan joylardagi foydalanuvchilarga barqaror internet aloqasini ta’minlashga qaratilgan.
Kompaniya rahbarining aytishicha, 2026-yil yakuniga qadar Ukrainada Starlink orqali internetdan foydalanuvchilar soni hozirgi 5 mln nafardan 12 mln nafargacha yetishi mumkin.
Bu ko‘rsatkich VEON kompaniyasining Ukrainadagi operatori Kyivstar abonentlarining qariyb yarmiga tengdir.
Shuningdek, VEON Starlink xizmatini Qozog‘istondagi Beeline tarmog‘iga integratsiya qilishni rejalashtirgan. Terzio‘g‘lining aytishicha, xizmat mart oyi oxirigacha to‘liq ishga tushirilishi mumkin.
Bundan tashqari, kompaniya 2026-yil davomida Pokiston, Bangladesh va O‘zbekistondan kamida bittasida Starlink xizmatini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston va Tojikistonda Starlink xizmati allaqachon ishga tushgan.
Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham ushbu xizmat 2026-yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
