Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldoshi rasman ishga tushdi

13.08.2025 10:04
Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldoshi rasman ishga tushdi. SpaceX kompaniyasining rasmiy veb-saytiga ko‘ra, standart Starlink terminalining narxi taxminan 370 dollarni tashkil etmoqda. Oylik tarif narxi esa 40 dollar atrofida belgilangan.
Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldoshi rasman ishga tushdi

Foto: trashbox.ru

Avvalroq, 2025-yilning III choragida Qozog‘istonda Starlink terminallarining sotuvga chiqarilishi haqida xabar bergandik.

Bugun, 13-avgust kuni The Astana Times nashri Qozog‘istonda Starlink sotuvining boshlanganini ma’lum qildi

SpaceX kompaniyasining rasmiy veb-saytida Starlink narxlari va tariflari keltirilgan. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda standart Starlink terminalining narxi taxminan 370 dollarni tashkil etadi. Oylik tarif narxi esa 40 dollar atrofida belgilangan. 

Ma’lumot o‘rnida, Starlink Qozog‘istonda shu paytgacha faqat qishloq maktablarida aloqani ta’minlash uchun qo‘llanilgan bo‘lib, keng ommaga ulanish imkoniyati mavjud emasdi. 

2025-yilning 12-iyul sanasida SpaceX kompaniyasi Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi talablarga rioya etishga rozilik bildirdi. 

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida, Starlink — SpaceX kompaniyasiga qarashli sun’iy yo‘ldoshlar orqali internet xizmatini taqdim etuvchi tizim hisoblanadi. U yer sharining istalgan nuqtasiga yuqori tezlikdagi va barqaror internet aloqasini yetkazib berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Starlink'ning ustunlik tarafi, mazkur texnologiya eng chekka va internet yetib bormagan hududlarda ham uzluksiz aloqa ta’minlaydi.

O'zbekiston va Starlink

Ilon Mask Bloomberg bilan podkastda Starlink 130 davlatlarning hukumatlari tomonidan tasdiqlanganini ta'kidlagan.

O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Starlink xaritasida "Coming Soon (Tez orada)" belgisi ostida turibdi.

Manba: Starlink

2022-yilning may oyida O'zbekistonda Starlink 2023-yilda ishlashi haqida xabar berilgandi. Hattoki, 2022-yilda kompaniya vakillari O'zbekistonda sinov jarayonlarini boshlagani haqida ham ma'lumotlar paydo bo'lgandi.

Biroq, 2023-yil oxiriga kelib esa bu muddat 2 yilga kechiktirilgani, ya'ni kompaniya xizmatlari 2025-yilda O'zbekistonda ishga tushishi rejalashtirilayotgani aytilgandi. O'sha paytda Starlink Qozog'istonda 2024-yilda ishga tushishini ma'lum qilgandi.

#Starlink#Qozog'iston

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar