5-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

05.03.2026 13:26
5-mart kuni jahon fond bozorida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, davom etayotgan geosiyosiy noaniqliklarga qaramay, oltin narxi tushdi. Bitkoin narxi esa, aksincha, oshdi. Neft narxlari ham o‘sishda davom etmoqda.
5-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

Foto: Reuters

Neft narxi yana oshdi

Erondagi mojarolar, shuningdek, geosiyosiy noaniqliklar fonida va ta’minotdagi uzilishlar xavfi neft narxining oshishiga sabab bo‘lmoqda

Bugun WTI neft fyucherslari 3,09 foizga oshib, 76,97 dollarga yetdi. Brent nefti narxi esa 2,53 foizga ko‘tarilib, 83,66 dollarni tashkil etdi. 

Neft ko‘rsatkichlari ketma-ket besh sessiya davomida ko‘tarildi. Shuningdek, Brent nefti fyucherslari 2024-yil iyulidan buyon eng yuqori darajaga yetdi.

Coinbase aksiyalari ko‘tarildi

5-mart kuni Coinbase Global kompaniyasi aksiyalari 14,57 foizga o‘sib, 208 dollarga yetdi. 

Bunga Prezident Trampning Coinbase bosh direktori Brayan Armstrong bilan uchrashgani va kompaniyaning AQShdagi yirik kriptovalyuta qonun loyihasi bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

AMD aksiyalari narxi oshdi

Advanced Micro Devices (AMD) aksiyalari narxi butunjahon mobil kongressi doirasidagi bayonotlardan so‘ng 5,82 foizga oshdi. 

Chunki kompaniya bosh direktori Liza Suning ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt infratuzilmasining kengayishi EPYC server protsessorlariga bo‘lgan talabni oshirgan

Shuningdek, ma’lumotlar markazidan olingan daromad 5,4 mlrd dollarga yetgan. 

Tahlilchilar Meta bilan hamkorlik kelajakda AMD kompaniyasiga o‘nlab mlrd dollarlik qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

Jahon bozorlari barqarorlashmoqda

Bugun, 5-mart kuni Osiyo va Yevropa aksiyalari ko‘tarilgan bo‘lsa, AQSh fyucherslari pasaydi. 

Bunga Eron atrofidagi mojarolarning oltinchi kunga cho‘zilgani hamda hamon davom etayotgani sabab bo‘lmoqda

Shuningdek, bugun Germaniyaning DAX indeksi 0,2 foizga, Fransiyaning CAC 40 indeksi 0,3 foizga va Buyuk Britaniyaning FTSE 100 indeksi 0,4 foizga oshdi. 

Osiyoda esa Janubiy Koreyaning Kospi indeksi avvalgi keskin yo‘qotishlardan so‘ng 9,6 foizga oshdi. Bunga hukumatning 100 trln vonlik favqulodda moliyaviy paket e’lon qilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Shuningdek, bugun quyidagi indekslar narxlarida ham o‘sish kuzatildi:

  • Nikkei 225 indeksi 1,9 foizga
  • Shanxay indeksi 0,6 foizga
  • Hang Seng indeksi 0,3 foizga

Bitkoin narxi oshdi

28-fevraldan 5-martgacha bo‘lgan muddatda bitkoin narxi 10,8 foizga oshdi. 5-mart kuni soat 10:13 holatiga ko‘ra, fond bozorida bitkoin narxi 72 810 dollarni tashkil etmoqda. 

Vaholanki, bitkoin narxi fevral oyi boshida keskin pasayib, 2024-yildagi eng quyi darajaga tushib ketgan edi. 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni boshladi. 

Prezident Donald Tramp mojaro bir necha hafta davom etishi mumkinligini aytganidan so‘ng bitkoin narxida sezilarli o‘sish kuzatilgan. 

Tahlilchilarga ko‘ra, mojaro boshlangan kundan boshlab Eron kripto-birjalaridan mablag‘lar oqimi keskin ortgan

Oltin narxi tushdi

5-mart kuni 1 troya unsiyasi oltinning narxi 5200 dollardan 5130 dollargacha pasaydi. Bu O‘zbekistondagi oltin narxlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. 

5-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining narxi 2 mln 96 ming so‘mni tashkil etmoqda. Narxlar ikki kun ichida 3,7 foizga arzonladi.

#fond_bozori_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar