Hafta davomida jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

08.03.2026 14:41
Bu hafta jahon fond bozorida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, neft narxi kutilganidan ham ko‘proq oshib bormoqda. Taxminlarga ko‘ra, u 150 dollarga yetishi mumkin. Bitkoin narxi esa kutilmaganda tushib ketdi.
Hafta davomida jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

Ho'rmuz bo'g'ozi / Foto: Wikipedia

Neft narxi 150 dollargacha ko‘tarilishi mumkin

AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar sababli hafta davomida neft narxi keskin oshdi. 

WTI Crude Oil Futures (CL) juma kuni 12 foizga, hafta davomida esa qariyb 35 foizga ko‘tarilib, bir barrel uchun narx 90 dollardan oshib ketdi.

Brent markali neft narxi hafta davomida 28 foizga oshdi.Qatar energetika vaziri Saad Al-Kaabi 6-mart kuni Financial Times gazetasiga bergan intervyusida, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar davom etsa, Fors ko‘rfazi davlatlari neft va suyultirilgan gaz eksportini to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

Bu esa neft narxini barreliga 150 dollargacha olib chiqishi mumkin.

AQSh mehnat bozori kutilmaganda zaiflashdi

Fevral oyida AQSh mehnat bozori kutilmaganda zaiflashdi. 

AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 92 ming ish o‘rni qisqargan

Bu esa iqtisodchilar kutgan taxminan 50 ming ish o‘rni o‘sishidan ancha pastdir. Pasayish ko‘rsatkichlari quyidagicha:

  • Ish o‘rinlari — 92 ming (yanvarda +126 ming edi)
  • Ishsizlik darajasi — 4,4% (yanvarda 4,3% edi)
  • O‘rtacha ish haqi o‘sishi — yillik 3,8%
  • Ishsizlar soni — taxminan 7,6 mln kishi

Mehnat bozorining sekinlashuvi AQSh iqtisodiyotida zaiflashuv belgisi sifatida baholanmoqda. 

Shu bilan birga, energiya narxlarining oshishi stagflyatsiyani kuchaytirishi mumkin. 

Natijada, Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirish haqidagi kutilmalar kuchaymoqda.

Ma’lumot uchun, stagflyatsiya – bu iqtisodiyotda o‘sish sekinlashishi yoki to‘xtashi, ammo inflyatsiya yuqori bo‘lib qolishi holatidir.

Hafta davomida bitkoinning o‘zgaruvchanligi yuqori bo‘ldi

Bitkoin haftani 4,38 foiz pasayish bilan yakunlab, 68,4 ming dollarni tashkil etdi. 

Hafta o‘rtalarida esa 73 400 dollargacha ko‘tarilgandi. Makroiqtisodiy va geosiyosiy xavflar tufayli qo‘rquv omili bozorni boshqarishda davom etmoqda. 

Yaqin Sharqdagi keskinliklar va AQShdagi ish o‘rinlari haqidagi zaif ma’lumotlar investorlarning tavakkalga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatdi. 

Natijada, aksiyalar va tovarlar bozoridagi tebranishlar singari, bitkoin bozorida ham o‘zgaruvchanlik oshdi.

Daromad hisobotini taqdim etgan kompaniyalar

Marvell Technology kompaniyasining 4-chorakdagi daromadi 2,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘p. 

Shundan so‘ng uning aksiyalari 18,35 foizga o‘sdi. Shuningdek, kompaniya 2027–2028-yillar uchun daromad prognozini oshirib, 2,4 mlrd dollar bo‘lishini kutmoqda.

Berkshire Hathaway daromadi kamaydi

Berkshire Hathaway kompaniyasining to‘rtinchi chorakdagi operatsion foydasi 10,2 mlrd dollarni tashkil etdi. 

Bu o‘tgan yilning shu davridagi 14,53 mlrd dollardan ancha past. Pasayishga sug‘urta anderraytingi daromadining kamaygani sabab bo‘ldi.

Osiyo bozorlari katta yo‘qotishlarga uchradi

4-mart kuni Janubiy Koreyaning Kospi indeksi 12,1 foizga tushib, rekord darajadagi yo‘qotishni qayd etdi. 

Shundan so‘ng, hukumat 100 trln vonlik favqulodda moliyaviy paket e’lon qilgani sababli indeks 9,6 foizga oshib, qayta tiklandi.

Bu hafta davomida Osiyoning yirik indekslari narxlari quyidagicha o‘zgardi:

  • Nikkei 225 — 5,5 foizga tushdi. Indeksning yakuniy qiymati 55 620,84 ga teng bo‘ldi.
  • Shanghai Composite — 0,9 foizga pasaydi. Indeks juma yakunlariga ko‘ra 4 124,19 ni tashkil etdi.
  • Hang Seng — haftada 3,3 foizga tushdi. Yakuniy qiymat 25 757,29 ga teng bo‘ldi.

Oltin narxi hafta davomida

Oltin narxi haftani sezilarli o‘sish bilan boshlab, hafta yakuniga kelib esa biroz pasaydi. 

Natijada narxlar hafta davomida 1,3 foizga oshib, bir troy unsiyasi uchun 5167 dollarga yetdi.

#fond_bozori_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar