Uzum ekotizimi strategik investitsiya raundi doirasida 130 mln dollar sarmoya jalb etdi.
Ushbu raundda O‘mon Sultonligining suveren investitsiya fondi yetakchi investor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ushbu fond SpaceX, Grab, Lucid va Credit Suisse kabi mashhur kompaniyalarga ham sarmoya kiritgan.
Shuningdek, raundda kompaniyaning joriy investorlari VR Capital, Tencent va FinSight Ventures ham ishtirok etdi.
Bitim doirasida Uzum ekotizimi 2,3 mlrd dollarga baholandi. Taqqoslash uchun, 2025-yil avgust oyida bu ko‘rsatkich 1,5 mlrd dollar edi.
Uzum asoschilaridan biri va amaldagi rahbari Jasur Jumayev ushbu raundda dastlabki investorlarning ishonchi ham muhim bo‘lganini ta’kidladi.
Biz zamonaviy raqamli servislarni millionlab odamlar va biznes uchun ochiq qiladigan milliy miqyosdagi texnologik infratuzilmani izchil yaratmoqdamiz. Bugungi kunda biz uchun nafaqat O‘monlik hamkorlarning yuqori bahosi, balki strategiyamizni qo‘llab-quvvatlab, Uzum o‘sishiga sarmoya kiritishda davom etayotgan dastlabki investorlarimizning ishonchi ham muhimdir. Mamlakatimiz ulkan salohiyatga ega va bugun biz buni yana bir bor butun dunyoga namoyish etdik — dedi Jumayev.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ham Uzum borasida ijobiy fikr bildirdi.
Uzum dunyoning yetakchi investorlari ishonchini qozonib, mamlakat iqtisodiy salohiyatini qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligiga yorqin misol bo‘ldi. Va, albatta, biz uchun O‘mon Sultonligining suveren jamg‘armasidan investitsiyalarni jalb qilish nafaqat davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishidan dalolat beradi, balki O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning muhim natijasidir. Biz xalqaro hamkorlik kengayib borayotganini va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarda global investorlar ishtirok etayotganini olqishlaymiz, — dedi Qudratov.
Jalb etilgan mablag‘lar kompaniyaning elektron tijorat va fintex servislarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, ular kompaniyaning texnologik infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Uzum servislaridan oyiga 20 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik foydalanmoqda.
2025-yilda ekotizimning elektron tijorat yo‘nalishi aylanmasi 1,5 barobarga o‘sib, 500 mln dollardan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, Uzum ekotizimi 2025-yilning avgust oyida 1,5 mlrd dollar baholanishda 70 mln dollar sarmoya jalb qilgandi.
