Forbes nashri dunyoning 2026-yilgi milliarderlari ro‘yxatini e’lon qildi. Nashr ushbu ro‘yxatni qirq yildan buyon e’lon qilib keladi.
Joriy milliarderlar ro‘yxatidan O‘zbekiston fuqaroligiga ega birorta tadbirkor o‘rin olmagan.
Rossiya fuqarosi Alisher Usmonov esa ro‘yxatning 199-o‘rnida qayd etilgan. Forbes uning boyligini 14,5 mlrd dollarga baholagan.
Bu uning boyligi 2025-yilgi ro‘yxat bilan taqqoslaganda 2,2 mlrd dollarga kamayganini ko‘rsatadi.

Usmonov boyligi o'zgarishi / Skrinshot: Forbes
So‘nggi o‘n yil davomida Usmonov boyligining eng yuqori cho‘qqisi 2021-yilga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, o‘shanda uning boyligi 18,4 mlrd dollarga baholangan edi.
Bu 2020-yilgi Forbes ro‘yxati bilan solishtirganda 5 mlrd dollarga o‘sish degani edi.
Usmonovning daromad manbai
Alisher Usmonovning asosiy daromad manbai Metalloinvest kompaniyasidagi ulushi hisoblanadi.
Rossiyada joylashgan Metalloinvest temir rudasini qazib olish, po‘lat va metall mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalardan biridir.
Shuningdek, Usmonov Rossiyaning ikkinchi yirik aloqa operatori Megafon aksiyadorlaridan biri sanaladi.
Usmonovning asosiy daromadi shu kompaniyalardan keladi va bundan tashqari uning yana ko‘plab kompaniyalarda ulushi bor.
Jumladan, u Xitoyning texnika ishlab chiqaruvchi Xiaomi kompaniyasi aksiyadorlaridan biri hisoblanadi.
