O‘zbekistonda oltin narxi uch haftada 20 foizga arzonladi

24.03.2026 07:42
O'zbekchaРусский
24-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining sotib olish narxi 1 mln 801 ming so‘mni tashkil etmoqda. Narxlar uch hafta ichida 20,6 foizga arzonlagan. Sotish narxi esa, sotib olish narxidan 4 foizga pastroq belgilangan.
O‘zbekistonda oltin narxi uch haftada 20 foizga arzonladi

Foto: Bloomberg

24-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining sotib olish narxi 1 mln 801 ming so‘mni tashkil etmoqda. 

Sotish narxi esa, quyma qadog‘i butun bo‘lganda sotib olish narxidan 4 foizga pastroq belgilangan. 

Manba: Markaziy bank

3-mart kuni 1 gramm oltin quymasining sotib olish narxi 2 mln 173 ming so‘mga yetib, rekord o‘rnatgandi. 

Shundan beri narxlar 20,6 foizga arzonlagan. Jahon bozorida ham oltin narxi sezilarli darajada pasaymoqda. 

2-mart kuni oltinning 1 troy unsiyasi 5322 dollar bo‘lgan bo‘lsa, 24-mart soat 12:00 holatiga ko‘ra 4415 dollarni tashkil etmoqda. 

Skrinshot: Trading Economics

Reuters nashrining yozishicha, oltin narxining tushishiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Jumladan, AQSh dollarining mustahkamlanishi oltinning boshqa valyutalardagi narxini oshirib, unga bo‘lgan talabni kamaytirmoqda. 

Shuningdek, AQSh Markaziy banki asosiy stavkani oshirishi yoki o‘zgarishsiz qoldirishi kutilayotgani foiz keltirmaydigan oltin uchun salbiy ishoradir. 

Yaqin Sharqdagi keskinlikka qaramay, investorlar xavfsiz sarmoya sifatida dollar va obligatsiyalarni afzal ko‘rmoqda. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasida 410 tonnaga yaqin oltin bor. 

Fevral oyida zaxiralar oltin narxining 2,3 foizga oshishi hisobiga 1,4 mlrd dollarga ko‘paygan edi. 

Oltin narxining tushishi ham, o‘z navbatida, zaxiralar qiymatining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

#oltin_narxlari

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar