Oson fintex xoldingi Birlashgan Arab Amirliklarida neobank tashkil etish uchun litsenziya oldi.
Bu haqda Spot nashri xolding axborot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu huquq kompaniyaga 23-mart kuni Dubay Moliya xizmatlari boshqarmasi (DFSA) tomonidan taqdim etilgan.
Bu xoldingga mamlakatda tartibga solinadigan moliyaviy va to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi.
Jumladan, kompaniya to‘lov hisobvaraqlarini ochish, foydalanuvchilar mablag‘larini boshqarish hamda chakana va korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.
Litsenziya kompaniyaga yangi moliyaviy mahsulotlarni bozorga olib chiqish uchun huquqiy va texnologik zamin yaratadi.
Oson asoschisi va bosh direktori Farhod Mahmudov ushbu litsenziyani global kengayish uchun poydevor deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasiga kirish vaqtiga kelib, kompaniya allaqachon 3 mln foydalanuvchi hamda fintex mahsulotlarini yaratish tajribasiga ega.
Ma’lumot uchun, Oson to‘lov tashkiloti 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 3,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi.
